• Bosh Sahifa  
  • Naqdsiz savdo banklarga 100 trillion so‘mgacha mablag‘ olib kirishi mumkin – IMV
- Tadbirkorlik

Naqdsiz savdo banklarga 100 trillion so‘mgacha mablag‘ olib kirishi mumkin – IMV

O‘zbekistonda 1 apreldan boshlab ko‘chmas mulk va avtomobil oldi-sotdisining naqdsiz shaklga o‘tkazilishi – yiliga 60–100 trillion so‘m mablag‘ni bank tizimiga olib kirishi mumkin. Bu esa bank bozorida raqobatni kuchaytirib, kredit stavkalari pasayishiga xizmat qiladi, deya ma’lum qildi iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov.

“Agar bitta mashina narxini 200 million deb olsak, kuniga 100 ta mashina sotilsa, bank tizimiga 20 milliard so‘m kiradi. 1000 ta mashina sotilsa – 200 milliard so‘m”, dedi Haydarov 27 mart kungi matbuot anjumanida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yillik hisobda ko‘rsatkichlar yanada kattalashadi: “yiliga 60–100 trillion so‘m atrofida mablag‘ bank tizimiga kiradi, bu juda katta effekt beradi”.

Vazir o‘rinbosarining aytishicha, bu jarayon banklar o‘rtasida kuchli raqobatni yuzaga keltiradi. Mijozlarni jalb qilish uchun banklar xizmatlarini yaxshilashga va shartlarni yengillashtirishga majbur bo‘ladi. Eng muhimi, tizim banklar uchun katta hajmdagi “arzon resurs”ni shakllantiradi.

“Agar kuniga 20 milliard so‘m bank hisobida aylanib tursa, bu mablag‘lar kreditga yo‘naltiriladi va natijada kredit resurslari arzonlashadi”, dedi Ahadbek Haydarov.

Rasmiyga ko‘ra, bu nafaqat bank tizimi, balki butun iqtisodiyot uchun ijobiy ta’sir ko‘rsatadi – arzon kreditlar orqali tadbirkorlik va aholining moliyaviy imkoniyatlari kengayadi.

Adliya vaziri o‘rinbosari Muzraf Ikromovning aytishicha, O‘zbekistonda yiliga 5,4 millionga yaqin notarial harakatlar amalga oshiriladi. Shundan 320 mingtasi ko‘chmas mulk, 650 mingtasi avtomobil oldi-sotdisiga to‘g‘ri keladi.

Eslatib o‘tamiz, 2026 yil 1 apreldan boshlab O‘zbekistonda yoqilg‘i, alkogol va tamaki mahsulotlari; kommunal va davlat xizmatlari; ko‘chmas mulk va “10 yoshga to‘lmagan” avtomobillar oldi-sotdisi faqat naqdsiz shaklda amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, narxi 25 mln so‘mdan oshiq har qanday tovar va xizmatni ham faqat naqdsiz to‘lov evaziga xarid qilish mumkin bo‘ladi.

Izoh qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Xabarnomamizga obuna bo'ling

Eng so‘nggi maqolalardan birinchilardan bo‘lib xabardor bo‘lish uchun xabarnomamizga obuna bo‘ling!

Email: contact@uzbekmarkaz.com

Tel: +1 226 700 2840, +1 513 362 9793, +1 226 637 3367

O’zbek Tashabbuskorlar Markazi – 2026. Barcha huquqlar himoyalangan.