Bu qaror, ayniqsa, O‘zbek tashabbuskorlar markazi tomonidan masala ko‘tarilganidan so‘ng hukumat tomonidan amalga oshirildi, bu fuqarolarning huquqiy va moliyaviy manfaatlarini himoya qilishda faol fuqaro pozitsiyasining ahamiyatini ko‘rsatadi.
Yangi tartibga ko‘ra, agar fuqaro firibgarlik qurboni bo‘lganini aniqlamoqchi bo‘lsa, u ariza bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishi kerak. Ariza kelib tushgandan so‘ng tergovga qadar tekshirish, surishtiruv va dastlabki tergov harakatlari olib boriladi. Agar firibgarlik fakti tasdiqlansa, tergovchi, prokuror yoki sud qarorlari kredit tashkilotiga yuboriladi, va moliyaviy tashkilot asosiy qarz, foizlar, jarima va penyalarni hisoblashni to‘xtatadi, ushbu mablag‘larni undira olmaydi; agar olgan bo‘lsa, uni jabrlanuvchiga qaytarishi shart. Agar firibgarlik tasdiqlanmasa, kredit hisob-kitoblari qayta tiklanadi. Qaror rasman 22-apreldan kuchga kiradi.
So‘nggi yillarda onlayn-kreditlar orqali fuqarolarning nomidan firibgarliklar ko‘paydi. Bunda odamlar nafaqat moliyaviy, balki ma’naviy va ijtimoiy zarar ko‘rishdi. Yangi qaror esa fuqarolarni noqonuniy qarzdan himoya qiladi, moliyaviy tizimdagi adolat va shaffoflikni oshiradi hamda qonunbuzarliklardan jabr ko‘rganlar uchun mexanizm yaratadi.
BO’M fikriga ko‘ra, ushbu masala tashkilotimiz tomonidan ko‘tarilgani jamoatchilik va davlat uchun muhim signal bo‘ldi. Uning tavsiyalari asosida qabul qilingan qaror: fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish, firibgarlik qurbonlarini moliyaviy jarimalardan ozod qilish va tizimda shikastlangan insonlarni tiklash mexanizmlarini yaratish imkonini berdi.
Yangi qaror fuqarolar huquqini himoya qilishda muhim qadam bo‘lsa-da, onlayn-kredit tizimlarida xavfsizlik choralari ham kuchaytirilishi kerak. Firibgarlar olgan kreditlar amnistiyasi — kechiktirilgan, ammo ijobiy qadam hisoblanadi. Bu voqea faol fuqaro pozitsiyasi davlat siyosatini o‘zgartirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi.
Shoira Xasanova O‘TM va BO‘M rahbari
