
«Fuqaro» so‘zi o‘zbek tilida asosan ikki xil ma’noda ishlatiladi. Arab tilidan kirib kelgan ushbu so‘zning tarixi va bugungi kundagi qo‘llanilishi o‘rtasida sezilarli farq mavjud.
1. Huquqiy va siyosiy ma’nosi (Zamonaviy yondashuv):Hozirgi vaqtda bu so‘z O‘zbekiston davlatining siyosiy va huquqiy a’zosi bo‘lgan, davlat qonunlari bilan himoyalangan va uning oldida majburiyatlari bor shaxsni anglatadi. Misol: O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi. Mazmuni: Davlat va shaxs o‘rtasidagi o‘zaro huquqiy bog‘liqlikni ifodalaydi.
2. Lug‘aviy va tarixiy ma’nosi:Aslida, arab tilida «fuqaro» so‘zi «faqir» so‘zining ko‘plik shaklidir. Ma’nosi: Kambag‘allar, bechoralar va muhtojlar.
Tarixiy qo‘llanilishi: Eski o‘zbek tili va mumtoz adabiyotda oddiy xalqqa, davlatning soliq to‘lovchi quyi tabaqa vakillariga nisbatan ishlatilgan. Masalan, Alisher Navoiy asarlarida «fuqaro va miskin» (kambag‘allar va muhtojlar) birikmasi ko‘p uchraydi.Abdulla Qodiriy va «faqirul-haqir» tushunchasiAbdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar» romanida Toshkent beklarining Xonga yozgan maktubida o‘zlarini «faqirul-haqir» (eng haqir va eng kambag‘al bandangiz) deb atashlari e’tiborga molik: «Tojdori musulmonon, xoqon ibni xoqon shahan-shohi navjuvon… biz faqirul-haqir sadoqatpeshai benazir qullaridin arzi bandalik shuldurkim…»Ushbu xatdagi ohangda Abdulla Qodiriy o‘sha davr amaldorlariga xos bo‘lgan maddohlik va soxta tavozeni mahorat bilan tasvirlagan. Oddiy xalq orasida esa «fuqaro» so‘zi deyarli qo‘llanilmagan. Xalq bir-biriga nisbatan polvonim, botirim, azamatim, alp yigitlar kabi mardlikni ulug‘lovchi so‘zlarni ishlatgan.Tahlil va taklifO‘sha davr ziyolilari va amaldorlari o‘zlarini xalqqa nisbat berishda «faqir-fuqaro» emas, balki vatandosh, azamat, o‘g‘lon yoki farzand kabi so‘zlardan foydalanishganda edi, bugun «fuqaro» so‘zi atrofida ikki qutbli tortishuvlar yuzaga kelmasmidi, degan fikr tug‘iladi. Maddohlik va yuqori tabaqa vakillariga paxta qo‘yish maqsadida o‘zini ataylab «faqir-fuqaro» (bechora) qilib ko‘rsatish an’anasi, bu so‘zning tilimizda salbiy yuk bilan saqlanib qolishiga hissa qo‘shgan.Bugungi kunda qardosh Turkiyada qo‘llaniladigan «vatandosh» so‘zi ko‘plab yurtdoshlarimizga ma’qul kelmoqda. Shuningdek, ba’zan nutqda «O‘zbekiston farzandi» iborasi ham bot-bot quloqqa chalinadi.XulosaTurkiy tilda ildizga ega bo‘lmagan va lug‘aviy ma’nosi «muhtojlik»ka borib taqaladigan «fuqaro» so‘zidan badiiy adabiyotda foydalanish mumkin, ammo rasmiy hujjatlarda, pasportlarda uni «O‘zbekiston vatandoshi» atamasiga almashtirish milliy o‘zlikni anglash nuqtayi nazaridan dolzarb masaladir.
O‘zbek tashabbuskorlar markazi ma’muriyati
